Qaynonajon, qaynona!
Kulishingizdan aylanay!
Qiyilib, yugurib, sizning
Xizmatingizda bo‘lay!
Siz, birovning bolasi,
Bo‘ldingiz o‘g‘lim egasi...
Oq yuvib, oq taragan
Menman bolam onasi!
Qaynab-qaynab toshsangiz,
Sovuq kuchingiz bo‘lay,
Sizni deb mendan kechsa,
O‘g‘lingizdan o‘rgilay!
Kelin emas, sizga qiz bo‘lay,
Tun o‘rniga sizga kun bo‘lay,
Xizmatingizda bo‘lib,
Erka qizingiz bo‘lay!
Menga qizmas, kelin bo‘lasiz,
Kulganimda siz ham kulasiz,
O‘g‘lim sevib, gul bersa,
Rozi bo‘lsam, olasiz!
Tillaringizdan zahar
Chak-chak tomib tursa ham,
Qancha yaxshilik qilsam,
Sizga, jonim, shuncha kam!
Tillarimdagi zahar -
Dilimdagi dardlarim.
Ko‘zingizni yoshlamang,
Og‘ir botsa gaplarim:
Odamassiz - bu bor gap! –
Kech tushmay, bo‘lasiz dard,
Mendan holim so‘ramay,
O‘g‘limni o‘rab-chirmab!
Kelin emas, sizga qiz bo‘lay,
Tun o‘rniga sizga kun bo‘lay,
Xizmatingizda bo‘lib,
Erka qizingiz bo‘lay!
Menga qizmas, kelin bo‘lasiz,
Kulganimda siz ham kulasiz,
O‘g‘lim sevib, gul bersa,
Rozi bo‘lsam, olasiz!