Ketmoq uchun kelarkan odam,
Bir zumda ham o`larkan odam.
Toshlarni darz yormoqda nolam,
Saratonda sovqotdim, otam-ey,
Sizni qandoq yo`qotdim, otam.
Yashnab turib, qurisa bog`im,
Yonib turib, o`chsa chirog`im.
Qanday ketsin yurakdan dog`im-ey,
Deyman: otam qayon ketdilar,
Derlar: otang ayon ketdilar.
Deyman: otam qayon ketdilar,
Derlar: otang ayon ketdilar.
Armon toshi og`ir tosh ekan,
Sog`inch yoshi achchiq yosh ekan,
Boqiy baxtga otam bosh ekan,
Otam bizni tashlab ketdilar,
Ko`zimizni yoshlab ketdilar.
Otam bizni tashlab ketdilar,
Ko`zimizni yoshlab ketdilar.
Onajonim mung`ayib qoldi,
Odam g`amdan ulg`ayib qoldi,
Hatto dunyo sog`inchdan toldi-ey,
Mening shunday otam ketdilar,
Mening kunday otam ketdilar.
Yashasangiz bo`lardi axir,
Qaydan keldi shum ajal, baxil?
Yuzlarimda sarg`aydi sabr,
G`am-anduhlar bag`rim tutdilar,
Otam bizni tashlab ketdilar.
Vafo topdi sizdan qanchalar,
Shifo topdi sizdan qanchalar.
Yuragimga nashtar sanchilar,
Ayting, ajal o`qmidi, ota,
Sizga shifo yo`qmidi, ota?
Qiyomatga qoldimi diydor,
Qiyomatdan qandoq xabar bor?
Ishonganim – bir Parvardigor,
Jannatlardan joy bersin, otam,
Sizni qandoq boy berdim, otam.
Jannatlardan joy bersin, otam,
Sizni qandoq boy berdim, otam.
Saratonda sovqotdim, otam,
Sizni qandoq yo`qotdim, otam.