current location : Lyricf.com
/
Songs
/
Lolaqizg'aldoq lyrics
Lolaqizg'aldoq lyrics
turnover time:2024-07-05 09:55:59
Lolaqizg'aldoq lyrics

Mendan nima qolar:

Ikki misra she’r,

Ikki sandiq kitob,

Bir uyum tuproq.

Odamlar ortimdan

Nima desa der,

Men seni o'ylayman

O'zimdan ko'proq –

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Men ketsam, yomondan

Yiroq bo'l, ohu,

Chunki sen chiroyli,

Ko'rkli bir juvon.

Yomon kunlar bir kun

Yaxshi bo'lar-u,

Yomon odam yaxshi

Bo'lmas hech qachon…

Yasha chegarada

Turgandek ogoh,

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Uyda yotibman-u,

Sezib turipman,

Ko'kda kelayotir

Qushlar qaytishib.

Xayrlar yog'dirib

Qanotlaridan,

Xasta shoiriga

Vido aytishib.

Bor, mening uchun ham

Ularga qo'l qoq –

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Ularni men yana

Ko'rarmanmi-a,

Ayvondan odamdek

Kuzatolmadim.

Kuz. To'ylar boshlandi.

Yuragim pora –

Bitta qizimni ham

Uzatolmadim…

Demak, taqdir ekan

To'y ko'rmay o'lmoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Biroq, ko'nglim sezar,

Mendan keyin ham,

Bir kun bu hovliga

Odam to'ladi.

Hali to'ylar qilib

Charchaysan, erkam,

Mening qizlarim eng

Baxtli bo'ladi!

Kelinlar ko'ylagi

Ruhimday oppoq –

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Gulim, yaqinroq kel,

Qara, ne savdo,

Bu ajib ishlarni

Dil lavhiga yoz:

Kimga qasr yetmas,

Kimga mol-dunyo,

Menga esa havo

Yetmaydi, xolos.

Tiriklar mudroqda,

O'liklar uyg'oq –

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Ko'ksim kuyib borar,

Ko'krak yonmoqda,

Ayting do'xtirlarga,

Yorishsa yorsin!

Jism o'z ulfati –

Jondan tonmoqda.

Bechora jon endi

Qayerga borsin.

Endi osmon yiroq,

Endi yer yumshoq –

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Buni hayot derlar,

Unutma aslo,

Bir kun ochilasan,

Bir kun so'lasan.

Qalbimda-ku, faqat

Sen eding tanho,

Qabrim ustida ham

O'zing bo'lasan.

Sen bizning sevgidan

Xotira – bayroq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Ayol qalbing bilan

Suv kech, olov kech,

G'am kelsa boshingdan

Xushing uchmasin.

Xudodan so'radim:

Mendan keyin hech,

Nomard kimsalarga

Ishing tushmasin.

Ularning qo'lida

Hamisha tuzoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Ishing tushsa, inim

Muhammadga bor,

Shoirlar ichida

Ishonganim shu.

Biroz ichishini

Aytmasa agar,

Ko'ksi tiniq bola,

Halol bola u.

Faqat sal soddaroq,

Faqat sal yoshroq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Jon so'ngi boshpana

Toparkan ongda,

U yurak ostida

Derdim men bo'lsam.

Ajablanma agar

Ertaga tongda

Seni o'pib, O'shni

Quchoqlab o'lsam!..

O'tinchim – tepamda

Yig'lama uzoq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizg'aldoq!

Comments
Welcome to Lyricf comments! Please keep conversations courteous and on-topic. To fosterproductive and respectful conversations, you may see comments from our Community Managers.
Sign up to post
Sort by
Show More Comments
Muhammad Yusuf
  • country:Uzbekistan
  • Languages:Uzbek
  • Genre:Poetry
  • Wiki:https://uz.wikipedia.org/wiki/Muhammad_Yusuf
Muhammad Yusuf
Latest update
Copyright 2023-2024 - www.lyricf.com All Rights Reserved